Malaka oshirish niyati mahorat oshirish talabi bilan. Har qanday pedagog o’z ustida ishlashi, ta’lim va tarbiyaning turli usul va uslublarini to’la egallash asnosida o’qitish jarayonida undan unumli foydalanishi davr talabi, zamon taqozosi. Tahlikali davrda, axborot xurujlari kuchaygan ayni damda o’qituvchi oldiga qo’yiladigan vazifalar ham kengqamrovli, g’oyatda mas’uliyatlidir. Pedagog va talabaning o’zaro muloqotidan ko’zlangan maqsad ta’lim va tarbiya bois elu yurtimiz manfaati, mustaqil mamlakatimizning istiqboli va yanada taraqqiy etishi uchun ulug’ xizmatga kamarbasta bo’lishdir. Shunday ekan, xalq bilan muloqotning manbai xalqimiz manfaati uchun shijoat bilan ter to’kishdir. Yaratilgan sharoitlar, ta’lim tizimi to’g’risidagi qonun va qarorlarning mohiyati ham aslida shunga qaratilgan. Pedagoglar istiqbolning me’mori ekan, ular ta’limidan bahramand bo’lgan avlodgina ona yurtimiz ertasiga xizmat qila oladi.
Ana shu talabni his etgan Toshkent Farmatsevtika institutining professor o’qituvchilari talabalarning qishki ta’tildagi paytlaridan foydalanib maxsus o’quv uslubiy tadbirlar dasturini tuzib olishdi. Ular bilan tajribali pedagoglar o’z fanlari bo’yicha seminar mashg’ulotlari olib borishdi. 28 dekabrdan 10 yanvargacha bo’lgan muddat paytida Amaliy ingliz tili hamda axborot texnologiyalari bo’yicha mashg’ulotlar hamda “Nutq madaniyati” mavzusida o’quv uslubiy seminar hamda kafedralarda olib borilayotgan uslubiy ishlar bo’yicha tajriba almashish rejalashtirildi.
4 — yanvar kuni nutq madaniyati va notiqlik san’atining ta’lim jarayonidagi o’rni bo’yicha Toshkent viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti professori Jumaniyozov Rahimboy Matkarimovich seminar mashg’ulotlarini olib borishga kirishdi. Dastavval, seminar oldidan institut rektori Yunusxodjaev Ahmadxo’ja Nu’monovich so’zga chiqib ushbu dasturning o’tkazilishi muhim ahamiyatga molikligini ta’kidlab o’tdilar. Ayrim o’qituvchilar talabalar bilan jonli muloqot tashkil eta olmasligi, oddiy lektsiya bilan bog’lanib qolgani, nutqiy mahoratga ega emasligi, axborot kompьyuter texnologiyalaridan unumli foydalana olmasligi borasida kuyunchaklik bilan so’zladilar. Prezident Shavkat Mirziyoevning akademiklar bilan uchrashuvlaridagi ibratli fikrlarini keltirib o’tdilar. Fan fan uchun emas, islohotlar uchun, inson manfaati uchun xizmat qilishini uqtirdilar. So’ngra ma’ruza uchun filologiya fanlari nomzodi R. Jumaniyozovni minbarga taklif etdilar. Notiq o’z nutqida bo’yi barobar kitob yozgan, o’ta bilimdon olimlar borligini, lekin ularning aksariyati mikrofon va minbar oldida esankirab qolishini, fikrini tugal va ta’sirchan ifoda eta olmasliklarini aytib, buning boisi nutq mahoratini, nutq madaniyatini puxta egallamaganliklarida ekanini qayd etdi. Nimaga biz o’z mulohazalarimizni ifoda etishda so’z topolmasdan, uni muayyan bir shaklga sololmay qiynalishimizning asosiy sabablarini ochib berdi. Pedagog – yunoncha “bola yetaklovchi” degan ma’noni beradi. Demak, bizning talabalarni yetaklashimiz uchun asosiy qurol nutqimiz, til boyliklaridan foydalanishimiz va bilimimizdir deya ta’kidladi. O’z nutqi ustida tinimsiz mashq kundalik ehtiyojga aylanmas ekan, bu borada muvaffaqiyat qozonish qiyin. Rus harbiy sarkardasi Suvorovning “Mashqda qancha ko’p ter to’ksang, jangda shu qadar kam qon to’kasan” degan fikrini misol sifatida keltirdi. Ta’lim ta’sirchanligiga erishi uchun pedagog tildan, nutqdan unumli va ustalik bilan foydalanishni bilishi kerak. O’z tajribasi bilan bog’liq bo’lgan misollar orqali mulohazalarini tasdiqlab oldi.
Ta’lim va tarbiya o’zaro uyg’un tushunchalar. Ular aslida, ajralmas. Bamisoli insonning vena va arterial qon aylanish tizimiga o’xshaydi. Ta’bir joiz bo’lsa, ularni bir tanganing orqa va oldi yoki et va tirnoqqa qiyos qilish mumkin. Shunday ekan, ana shu uzviy birlik barkamollikning belgisi hamdir. “Inson qalbiga yo’l ta’lim va tarbiyadan boshlanadi”, deydi birinchi Prezidentimiz Islom Karimov. Ta’lim va tarbiyaning ajralmas ekani ta’kidlanib, “bu sharqona qarash, sharqona hayot falsafasidir” degan mulohazalar keltiriladi “Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch” asarida.
Qaysi fan, qanday o’quv predmeti bo’lmasin, o’qituvchi oldida muhim bir muammo turadi. Bu o’z fanini o’quvchiga yetkazish aniqrog’i, uning ongu shuuriga singdirishidir. Xoh tabiiy, xoh ijtimoiy fan bo’lsin, o’qituvchi o’z sohasining yetuk bilimdoni va mohir ustasi bo’lishi zarur. Fan haqidagi nazariy ma’lumotlarni qiziqarli yo’sinda yetkazish jarayonida bir qancha muammolar borligini inkor etib bo’lmaydi. Tasavvur qiling, o’qituvchi o’z fanini, o’quv predmetini to’la o’zlashtirgan bilimli shaxs ham deylik, lekin unda bilimlarini, fikrini o’quvchilarga yetkazish borasida malaka, tajriba, ko’nikma hosil qilinmagan bo’lsa, maqsad to’la amalga oshmaydi. SHuning uchun ham o’qituvchidan bu borada tinimsiz mehnat, mashaqqatli mashq va izlanish, tashabbus va tashkilotchilik talab etiladi. Zamon bilan hamnafas va hamqadam odimlash o’qituvchidan yuksak mas’uliyatni va majburiyatni talab etadi. Bugungi o’quvchi o’qituvchidan ko’ra kengroq axborotga ega bo’layotganidan ko’z yumib bo’lmaydi. Bunga bois ko’plab internet tarmoqlari va boshqa texnologiyalar orqali yetib kelayotgan informatsiyalardir. SHunday ekan, qabul qilinayotgan ma’lumotlarning asosli yoki asosli emasligini bilish va bildirish uchun o’qituvchining o’zi ham internet va boshqa informatsion vositalardan xabardor bo’lishi zarur. Uni to’g’ri tushuntirib, to’g’ri tahlil qilib bera olish zarur. Aks holda, o’quvchi axborot xurujlari orqasida qanday g’arazli maqsadlar yashiringanini idrok etmay, turli uydirma ma’lumotlarni boshqa tengqurlariga yetkazib ularning fikrini chalg’itishi hech gap emas. “G’oyaga qarshi faqat g’oya, fikrga qarshi faqat fikr, jaholatga qarshi faqat ma’rifat bilan bahsga kirishish, olishish” mumkinligi ta’kidlanarkan, demak, o’qituvchining o’zi ma’rifatga, yetuk bilim va dunyoqarashga ega bo’lishi zarur. Uning bilimi, ma’naviyati ma’rifat mayog’i, himoya yarog’idir. Milliy g’oya himoyachisi bo’lish, mustaqillik mafkurasini mustahkamlash mas’uliyati shuni taqozo etadi. Xalq qalbi va ongi uchun kurash ketayotgan, mafkura poligonlari yadro poligonlariga nisbatan katta kuchga ega bo’lgan ayni zamonda pedagogning vazifasi va ogohligi har qachongidan ham muhimdir.
Islom Karimovning “Endigi vazifamiz shundan iboratki, milliy istiqlol g’oyasi tushunchalari asosida keng jamoatchilik, ziyolilarimiz, ilm — fan va madaniyat namoyandalari, avvalo, ma’naviy — ma’rifiy soha xodimlari milliy mafkurani takomillashtirish hamda uning asosiy tamoyillarini odamlar ongi va qalbiga singdirishga qaratilgan ishlarni yangi bosqichga ko’tarishlari zarur” degan mulohazalari bejiz emas.
Ta’lim va tarbiya inson kamolotida qo’sh qanot ekan, uning ta’sirli bo’lishi maqsadga muvofiqdir. Sababi, tarbiya talabi xulq bilan, ta’lim talabi nutq bilan. Har bir pedagog yuqoridagi fikrlardan to’g’ri xulosa chiqara olishi va amalda to’g’ri qo’llay bilishi kerak.
Xo’sh, ta’lim tarbiyaning ta’sirchanligi faqat zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalanish, ko’rgazmalilik asosida ish olib borishmi? Bu vosita, xolos. Avvalombor, o’qituvchining o’quvchi bilan munosabatidagi nutqi va xulqi muhim masaladir. Nutq madaniyatining har ikkala shaklini, og’zaki va yozma nutqni to’la va to’g’ri amalda qo’llay olmagan pedagogning maqsadi sarobdir. R. Jumaniyozov so’ngra navbatdagi mashg’ulotga qadar seminar qatnashchilari bilan xayrlashdi.