Ma’lumki, yoshlarni vatanga muhabbat, milliy g‘oyasi asosida tarbiyalash o‘tmish ajdodlarimiz merosi, an’anasi, qadriyatiga yo‘g‘rilgan holda amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimov e’tirof etganlaridek, “Insonni, uning ma’naviy olamini kashf etadigan yana bir qudratli vosita borki, u ham bo‘lsa, so‘z san’ati, badiiy adabiyotdir”. Haqiqatdan ham inson ruhiyatiga, ongiga og‘zaki targ‘ibot-tashviqotdan ko‘ra yozma manba tez va kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Bu borada adabiyotning, so‘z san’atining o‘rni beqiyosdir. Shu sababli institut talaba-yoshlari o‘rtasida badiiy adabiyotgan bo‘lgan qiziqishini shakllantirish, o‘zbek adiblari ijodi bilan tanishtirish maqsadida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, adabiy-badiiy kechalar tashkil qilinmoqda.
Har yili taniqli shoirlar, yozuvchilar hamda o‘zbek xalqining sevimli mutaffakkiri Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud kechalarini nishonlash bir an’anaga aylanib ulgurgan. Bu yil ham mana shu an’anani davom ettirgan holda Toshkent farmatsevtika institutida 2017 yil 9 fevral kuni soat 14-30 da institut katta faollar zalida Alisher Navoiy tavalludining 576 yilligini keng nishonlash maqsadida “Alisher Navoiy ijodida – milliy ma’naviy xazinamiz durdonasi”, “Alisher Navoiy ijodida vatanparvarlik tuyg‘ularining targ‘ib etilishi” kabi mavzularda adabiy-badiiy kecha o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining birinchi o‘rinbosari Sirojiddin Sayyid, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Shuhrat” medali, “O‘zbekiston Mustaqilligiga 25 yil” ko‘krak nishoni sohibi, shoir Rustam Musurmon, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira Munavvara Usmonova va Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Jo‘rabek Jahon ishtirok etdi.
Tadbir jarayonida soha mutaxassislari tomonidan Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur ijodida vatanparvarlik tuyg‘ularining targ‘ib etilishi, yoshlar ta’lim-tarbiyasidagi o‘rni xususida so‘z yuritildi. Shuningdek, talaba-yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, dunyoqarashi, bilim va tafakkurini kengaytirish orqali jamiyatning faol, o‘zining mustaqil fikri va pozitsiyasiga ega bo‘lgan barkamol avlodni tarbiyalash, bu borada Navoiy va Bobur asarlarining tarbiyaviy ahamiyatidan unumli foydalanish xususida taklif va tavsiyalar bildirildi. Shoir g‘azallaridan namunalar tinglanadi. Tadbir O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi, Toshkent farmatsevtika instituti ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi hamda tillar kafedrasi hamkorligida tashkil etildi. tadbirda jami 250 nafar professor-o‘qituvchilar va talabalarning ishtiroki ta’minlandi.
Toshkent farmatsevtika instituti
ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi xodimi
Ashurova Nigora Xayitovna